Главная » 2015 » Март » 6 » Islom Karimov Jizzax va Sirdaryo viloyatlari saylovchilari bilan uchrashdi
19:41
Islom Karimov Jizzax va Sirdaryo viloyatlari saylovchilari bilan uchrashdi

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Islom Karimov 5-mart kuni Jizzax va Sirdaryo viloyatlari saylovchilari bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda O‘zA.

Jizzax viloyatidagi uchrashuvni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 4-Jizzax okrug saylov komissiyasi raisi A.Sattorov ochdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Islom Karimov o‘zining saylovoldi dasturi yuzasidan nutq so‘zladi.

Dasturda mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirishga qaratilgan eng asosiy yo‘nalishlar belgilab berilgan. Jumladan, sanoatni texnologik yangilash va tarkibiy o‘zgartirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasi rivoji uchun yanada qulay sharoitlar yaratish, davlatning iqtisodiyotdagi ulushini qisqartirish, yerlarning unumdorligini oshirish va qishloq xo‘jaligiga zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish, fermer xo‘jaliklarini ko‘p tarmoqli xo‘jaliklarga aylantirish, mahalliylashtirish dasturini kengaytirish, investitsiyaviy muhitni yaxshilash, aholi hayot darajasini izchil oshirish, barcha davlatlar bilan hamkorlikni va mamlakatimizdagi tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash bo‘yicha muhim yo‘nalishlar o‘z ifodasini topgan.


Mamlakatimizning iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyoti Jizzax viloyati misolida ham namoyon bo‘lmoqda. Shahar va tumanlarda yangi korxonalar, zamonaviy infratuzilma obyektlari barpo etilmoqda. "Jizzax” maxsus industrial zonasi, Jizzax sement zavodi, "Jizzax plasteks” O‘zbekiston – Germaniya qo‘shma korxonasi kabi sanoat komplekslarida ichki va tashqi bozorlarda xaridorgir, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.

2014-yilda viloyat korxonalari tomonidan 45,6 million dollar miqdoridagi mahsulot eksport qilindi. Viloyat iqtisodiyotini tarkibiy o‘zgartirish maqsadida sanoat sohasida 237, qishloq xo‘jaligida 197, xizmat ko‘rsatishda 700 dan ortiq loyiha amalga oshirildi.

Jizzax shahrida bosh reja asosida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, qishloqlarda barpo etilayotgan zamonaviy uylar va ijtimoiy obyektlar viloyat qiyofasini butunlay o‘zgartirmoqda.

Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurti kursanti A.Akbarov, "Jizzax ovozi” gazetasi bosh muharriri A.Inomov va boshqalar mustaqillik yillarida Jizzax viloyati sanoatlashgan hududga aylangani, amalga oshirilayotgan ulkan qurilish va obodonlashtirish ishlari odamlarning hayot darajasini yuksaltirib, dunyoqarashini o‘zgartirayotganini faxr bilan ta’kidladi. Prezident sayloviga tayyorgarlik milliy qonunchiligimiz va xalqaro demokratik tamoyillarga mos ravishda o‘tayotganini qayd etdi.

* * *

Shu kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Islom Karimov Sirdaryo viloyati saylovchilari bilan ham uchrashdi.


Uchrashuvni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 8-Sirdaryo okrug saylov komissiyasi raisi Sh.Mamatqulov ochdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Islom Karimov uchrashuvda nutq so‘zladi.

Nomzodning saylovoldi dasturida mamlakatimizni har tomonlama obod qilish, erkin va farovon hayot barpo etishdek oliy maqsad yo‘lida amalga oshirilayotgan beqiyos islohotlarni yangi bosqichga ko‘tarishning asosiy yo‘nalishlari belgilab berilgan. Jumladan, dunyodagi taraqqiy topgan davlatlar qatoridan munosib o‘rin olish, iqtisodiyotimizni zamonaviy tarmoqlar hisobidan tez va barqaror sur’atlar bilan rivojlantirish, mamlakatimiz hayotida hal qiluvchi omil bo‘lgan xususiy mulk va xususiy tadbirkorlikka yanada keng yo‘l ochib berish, davlatning iqtisodiyotdagi ulushini qayta ko‘rib chiqish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va hosildorligini oshirish, fermerlik harakatini izchil qo‘llab-quvvatlash, mahalliylashtirish dasturlarini kengaytirish, investitsiyaviy muhitni yaxshilash kabi muhim masalalar o‘z ifodasini topgan. Aholi bandligini ta’minlash, turmush darajasi va sifatini yanada oshirish, chet davlatlar bilan hamkorlikni mustahkamlash dasturning ustuvor yo‘nalishlari qatoridan o‘rin olgan.

Sirdaryo viloyatida so‘nggi yillarda yalpi hududiy mahsulot hajmi 1,8 barobar, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 1,5 barobar o‘sdi. "Peng Sheng”, "Reka med farm” qo‘shma korxonalari, "Baxtteksfarm” mas’uliyati cheklangan jamiyati kabi korxonalarda raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi ortmoqda.


Viloyatda keyingi yillarda 4 mingdan ortiq xizmat ko‘rsatish va servis obyekti ishga tushirildi. Zamonaviy xizmat turlarini o‘z ichiga olgan komputerli dasturlash, aloqa va axborotlashtirish, moliya, sayyohlik kabi xizmat sohalarining tez sur’atlarda o‘sib borayotgani alohida ahamiyat kasb etmoqda. Irrigatsiya-melioratsiya sohasidagi istiqbolli loyihalar qishloq xo‘jaligida hosildorlikni yanada oshirish imkonini bermoqda. Tibbiy, ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish ko‘lami kengayib, qishloq joylarda barcha qulayliklarga ega zamonaviy uy-joy massivlari barpo etilayotgani aholining hayot darajasi va sifatini yuksaltirmoqda.

Taekvondo bo‘yicha O‘zbekiston va Osiyo chempioni, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori D.Xoljigitova, Sirdaryo tumanidagi "Shodlik” fermer xo‘jaligi rahbari B.Mirzaqulov va boshqalar mamlakatimizda ijtimoiy va iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, iqtisodiyotni rivojlantirish, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish borasida betimsol ishlar amalga oshirilayotganini qayd etdi. Prezident sayloviga tayyorgarlik, uni o‘tkazish bilan bog‘liq jarayonlar yuqori saviyada, demokratik prinsiplarga to‘la muvofiq holda olib borilayotganini ta’kidladi. Saylovchilarni 29-mart kuni bo‘ladigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi.
Manba:Daryo
Категория: Uzbekiston yangiliklari | Просмотров: 775 | Добавил: ♦αđмιη♦ | Теги: Islom Karimov Jizzax va Sirdaryo vi | Рейтинг: 3.0/2
Всего комментариев: 0
avatar
Вход на сайт
Мини-чат
Наш опрос
Оцените наш сайт
Всего ответов: 1269
Статистика

Онлайн всего: 3
Гостей: 3
Пользователей: 0